Insoniyatning tarixiy taraqqiyotida XX asr alohida ahamiyatga ega. Bu asrda shu qadar kо‘p olamshumul voqealar rо‘y berdiki, ular о‘zining mazmun-mohiyati bilan bir necha asrlarga tatiydi. XX asr voqealariga bugungi Istiqlol mafkurasi nuqtai nazaridan yondashsak, bu asr Turkiston xalqlarining milliy ozodlik harakatlari bilan boshlandi va shu harakatning о‘z oldiga qо‘ygan ulug‘ maqsadi asrning sо‘nggi о‘n yilligida, yaʼni shо‘ro mustabid tuzumining inqirozga uchrashi va qizil imperiyaning parchalanishi bilan tugadi.
Dunyo adabiyotshunosligida jadid yozuvchilari asarlari asosan milliy ozodlik harakati sifatida о‘rganilgan. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida maydonga kelgan jadidchilik va bu harakatning k о‘zga kо‘ringan barcha namoyandalariga nisbatan chor hokimiyati qanday munosabat bildirgan bо‘lsa, shо‘rolar davrida ham ular xalq manfaatlariga zid о‘laroq faoliyat yuritgan kishilar sifatida baholandi va talqin etildi. Shu bilan birga, jadid adiblari qoldirgan adabiy, ilmiy va pedagogik merosning kattagina qismi yо‘q qilib tashlandi. Buning oqibatida avlodlar uzoq vaqt mobaynida jadid ma’rifatparvarlarining xolis faoliyatini о‘rganolmay keldilar.
Jadidchilik harakati va adabiyotining tug‘ilishi, shakllanishi tarixi, shuningdek, bu harakat va adabiyotning bugungi kun uchun ahamiyatli tomonlari o‘tgan asrning 80-yillari oxiridan izchil o‘rganila boshlandi. O‘zbekiston mustaqil davlat maqomiga erishgandan so‘ng bu jarayon yanada izchillashib, ilmiy xolis yondashuv shaklini oldi. Aytish mumkinki, alloma ustozimiz akademik Ibrohim Mo‘minovning “XIX asr oxiri – XX asr boshlarida O‘zbekistonda hukmron mafkuraning xarakteri haqida” degan tadqiqoti ushbu jarayonning boshlanishiga muhim turtki berdi.
Bugungi kunda ham jahonda jadid adabiyoti masalalari tadqiqi bir qator ilmiy markazlar va oliy ta’lim muassasalari tomonidan olib borilmoqda. Jumladan, bunday tadqiqotlar AQShning Kolumbiya, Michigan, Chikago, Kaliforniya universitetlarida, Yaponiyaning Tokio va Nagoya universitetlarida, Rossiya Fanlar akademiyasida, Rossiya Islom universitetida, Qozon Federal universitetida, Turkiyaning Istanbul, Anqara va Egey universitetlarida, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkmaniston oliygoh va ilmiy tadqiqot markazlarida, shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, O‘zbekiston Milliy univeriteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetlarida olib borilmoqda.
Turkistonda jadidchilik harakati o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q, albatta. Uning vujudga kelishi uchun ma’lum bir ob’ektiv sharoit va sabablar mavjud edi. XIX asr o‘rtalari va XX asr boshlarida jamiyatda yangilanish zarurati tug‘ildi. Bir qator ijtimoiy, siyosiy, huquqiy va ma’naviy muammolar paydo bo‘ldi. Ularni hal etish uchun bel bog‘lagan bir guruh ziyolilar xalq orasida “jadidlar” nomini oldi. Ushbu so‘zning lug‘aviy va istilohiy ma’nolarini izohlagan prof. B.Qosimov shunday yozadi: “Jadid”ning ma’nosi yangi demakdir. U shunchaki yangi yo bo‘lmasa “yangilik tarafdori” degani emas. Balki “yangi tafakkur”, “yangi inson”, “yangi avlod” singari keng ma’nolarni o‘zida mujassam etgan”. So‘zning ma’no qamrovidan ham seziladiki, jadidchilikka birgina Turkistonda kechgan ma’rifiy oqim yoki ijtimoiy-siyosiy harakat doirasida qarab bo‘lmaydi. Balki XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida umumjahon miqyosida kechgan siyosiy-iqtisodiy va madaniy-ma’naviy yangilanishlar bizning yurtimizda “jadidchilik” nomi bilan tarixga kirgan global bir hodisa bilan bog‘liqdir. Chunki 1868-yili Angliyada,
1871-yili Fransiyada, XIX asrning 70-80-yillarida Germaniyada kechgan yangilanishlar, islohot va qayta qurishga bo‘lgan intilish ham Turkiston jadidlarining yangilik sari qilgan harakatlariga sabab bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Agar birgina adabiyot sohasida olib qaraganda ham yuqoridagi sanalardan so‘ng milliy adabiyotlar “yangi fransuz adabiyoti”, “yangi ingliz adabiyoti” singari istilohlar bilan ham atalgani sir emas. Hatto Rossiyada “yangi adabiyot” XIX asrning
90-yillaridan boshlanganini e’tirof etgan nazariy ishlar ham talaygina.
Kishilik jamiyatining ko‘p asrlik tarixida xilma-xil harakatlar, ta’limot va siyosiy oqimlar mavjud bo‘lgan. Bularning zamirida adolatli, fuqarolarning tengligi asosiga qurilgan, insonparvar jamiyatni yuzaga keltirish uchun, zulm va zo‘ravonlikdan, qullik va istibdoddan, tengsizlik va jaholatdan qutulish uchun tinimsiz izlanish istagi yotgan. “Milliy zulmdan qutulish uchun ozodlik kurashi asosiy hodisa hisoblanadi, – deb yozadi B.Do‘stqoraev. – Ozodlik, mustaqillik, erkka feodal qoloqlik, jaholatdan qutulgandagina erishish mumkin bo‘lgan. Buning uchun jamiyatdagi mavjud tuzumni tubdan isloh qilish lozim bo‘lib, buni amalga oshiruvchilar qotib qolgan, daqqi kuchlarga, ya’ni “qadim” (eski)larga qarshi turuvchi “jadid” (yangi)lar sifatida maydonga keldi. Shu bois jadidlar Misrda ham, Turkiyada ham, Turkistonda ham siyosiy oqim sifatida paydo bo‘ldi. To‘g‘ri, ularning shakllanganlik, taraqqiy topganlik darajasi bir xil emas edi. Chor Rossiyasi tomonidan bosib olingan o‘lkalarda ham XIX asr oxiriga kelib milliy ozodlik harakatlari oxir-oqibatda jadidlarni tarix sahnasiga chiqardi. Milliy istibdod zanjiriga tushgan xalq va elatlar qudratli imperiya changalidan faqat birlashib harakat qilgandagina qutulishlari mumkin edi. Buning uchun, eng avvalo, milliy ongni uyg‘otish, millatning o‘zligini anglab yetishuviga erishish lozim edi. Qulning qul ekanligini anglab, ozodlikka chiqishi uchun unda o‘z ahvoliga ongli nazar tashlash qobiliyatini hosil etish talab qilinardi”.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda vujudga kelgan tarixiy sharoit, jadidchilik harakati ozuqa olgan ayrim tashqi va ichki manbalar mavjud bo‘lganligini ham alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, ozarbayjon, qozoq, tatar yozuvchilari asarlari, Ismoilbey Gaspralining amaliy, nazariy va ijodiy faoliyati jadidchilik harakati ozuqa olgan tashqi manbalar sifatida qaralishi mumkin. Ammo, agar jadidchilik harakatining yuzaga kelishi uchun Turkistonning o‘zida zarur ijtimoiy va madaniy zamin (ichki sharoit) bo‘lmaganida o‘zbek jadidchilik harakatining paydo bo‘lish va shakllanish jarayoni bu qadar intensiv tus olmagan bo‘lardi. Bunday zamin bo‘lib esa Sattorxon Abdug‘afforov, Fulom Hasan Orifjonov kabi ma’rifatparvar kishilarning sa’y-harakatlari, Muqimiy, Furqat, Dilshod Barno, Ahmad Donish singari shoir va yozuvchilarning ijodlari xizmat qildi.
Turkistonda jadidchilik harakatining yuzaga kelish manbalariga bir qator omillarni yoddan chiqarmaslik lozim. Bir tomondan, o‘zbek jadidchilik harakatiga oziq bergan kuchlar millatning o‘tmishida yashab o‘tgan buyuk alloma va mutafakkirlar bo‘lib, ularning ma’naviy-ilmiy merosini o‘rganish orqali xalqimiz qanchalik yuksaklikka erishgan ekan, jadidlar ham o‘tmish ma’naviyatini bilish va uning ayrim muammoli o‘rinlarini isloh qilish yo‘lidan borganlari ma’lum haqiqat. Isloh qilish uchun esa har bir ma’naviy merosning o‘z davri va shu kundagi ahamiyatini belgilash, uning kelajakka daxldorlik darajasini aniqlash hamda ularni xalqning milliy yuksalishi uchun o‘ziga xos shakllarda yetkazib berish zarur edi. Bu haqda taniqli fitratshunos olim Hamidulla Boltaboev shunday yozadi: “Turkiston tarixiga olamshumul o‘zgarishlarning muallifi sifatida kirgan jadidchilik nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Yevroosiyoda ham ahamiyatli iz qoldirgani uchun u jahon afkori ilmiyasi tomonidan e’tibor bilan o‘rganilmoqda… Jadidchilik o‘z xalqini ozod va yurtini obod ko‘rish shiorini o‘rtaga qo‘yish barobarida uning oliy pirovard niyati xalqning o‘z shonli tarixi, madaniyati bilan jahon afkori umumiyasiga tanitishni istadi. Shuning uchun ham jahonni titratgan Temur qilichining zarblari va jahon adabiyotida yangi sahifa yaratgan Navoiy qalami jadidchilar uchun zamon timsoliga aylandi. O‘tmishni ideallashtirish orqasida yangi va yuksak jamiyat yaratib bo‘lmasligini yaxshi anglagan jadidchilar o‘tmish merosini o‘zlashtirish barobarida jahonning eng taraqqiy etgan millatlari sifatida o‘zini ko‘rishni istadi. Biroq bu ildizlardan yaralgan daraxt quyoshga bo‘y cho‘zib, Iymon, Milliy shuur va Istiqlol kurtaklarini chiqargunga qadar mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi va ko‘p qurbonlar berdi”.
Turkiston jadidchilik harakatining shakllanishida xalqaro aloqalar ham muhim ahamiyatga molik bo‘ldi. Behbudiyning Yaqin Sharq mamlakatlariga qilgan safari, Qozon, Nijniy Novgorod, Moskva, Peterburg singari Rossiyaning markaziy shaharlariga borishi, Fitratning Turkiyada bir necha yil bo‘lishi nafaqat bu yozuvchilar, balki umuman o‘zbek jadidlari ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy va adabiy qarashlarining shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, Fitratning Turkiyada yozgan “Munozara” va “Hind sayyohi bayonoti” asarlari o‘zbek jadidlarining g‘oya va e’tiqodlarini aks ettirib, ko‘pchilik uchun uzoq yillar mobaynida g‘oyaviy dastur vazifasini bajardi. Jadidlarning turkistonlik yoshlarni chet elga o‘qish uchun yuborish bo‘yicha olib borgan faoliyati ham alohida ahamiyatga molikdir. Uzoq va yaqin Yevropa mamlakatlariga talaba jo‘natish zaruratini esa O‘rta Osiyoga temir yo‘l kelishi munosabati bilan mahalliy xalq hayotida ro‘y bergan yangi burilish yuzaga keltirib chiqardi.
Jadid arboblarimiz chet elga bilim olish uchun otlanayotgan yoshlar safarining yo‘nalishini belgilayotganda, o‘z yurtlarini tezroq mashinalashgan mamlakatga aylantirishni, bu maqsad esa yuqorida tilga olingan yoshlar qo‘li bilan amaliyotga aylanajagini nazarda tutganlar, albatta. Xulosa qilib aytish mumkinki, ularning faoliyati faqat badiiy asarlar va publitsistik maqolalar, siyosiy-ijtimoiy-huquqiy dasturlar yaratish bilan chegaralanmagan: ular xalq xo‘jaligini zamonaviy usulda tashkil etish va yuritishga, qonun va bilim asosida qayta qurilgan davlatni boshqarib ketishga ham qobil insonlar edi.
Agar o‘zbek jadidchiligi o‘z tarixining birinchi bosqichida asosan ma’rifiy oqim sifatida namoyon bo‘lgan va bu davrda jadidlarning ta’lim islohoti bilan bog‘liq qarashlari to‘la shakllangan bo‘lsa, keyingi davrda ularning ma’rifiy g‘oyalari milliy taraqqiyotning boshqa muhim va dolzarb masalalari bilan boyidi.
Jadidlar o‘lkaning milliy taraqqiyot yo‘lidan dadil borishi uchun faqat ma’rifatning o‘zi kamlik qilishini sezdilar. “Turkiston Eski dunyoning Amerakasidur. Paxta, ma’dan, g‘alla, xulosa, har nimarsa bor. Turkiston oltindur”. M.Behbudiyning bu so‘zlari tagida katta ma’no bor edi. Turkistonning milliy boyligidan foydalanish – yer osti boyliklarini ilm-fan yordamida qazib olish, qayta ishlash va uni mahsulot sifatida sotish, bir tomondan, tijoratning rivojlanishiga, milliy sarmoyadorlarning ko‘payishiga imkoniyat tug‘dirsa, ikkinchi tomondan, o‘lkaning milliy taraqqiyot yo‘lidan borishiga keng yo‘l ochgan, shart-sharoitlarni yaratgan bo‘lardi.
Birinchi jahon urushi arafasida Turkistonda yangi temir yo‘llarning qurila boshlashi bilan yerning narxi ko‘tarildi. O‘rtahol dehqonlar yerlarini arzon-garovga sota boshladilar. Shunday vaqtda “Sadoi Turkiston” gazetasi Ubaydulla Xo‘jaev va Cho‘lponning maqolalari yordamida xalqqa yerning qadr-qimmatini tushuntiruvchi maqolalar bilan chiqdi. Pul o‘tkinchi, yer esa abadiy qadriyat ekanini isbotlab berdi. Ularning bunday chiqishlari xalq ommasini ona Vatanga, Vatan va avlodlar oldidagi burch masalalariga hushyorlik bilan qarashga o‘rgatdi.
Jadid ma’rifatparvarlari muxtor yoki mustaqil o‘zbek davlatining idora usuli, boshqaruv tizimi haqida bahs yuritganlarida, XX asr boshlaridagi ilg‘or Yevropa davlatlarining ijtimoiy-siyosiy tizimini yaxshi o‘rganib chiqib, ulardagi eng xalqchil, eng zamonaviy g‘oyalarni olish va shu g‘oyalarga asoslangan huquqiy-demokratik davlatni barpo etish yo‘lida qizg‘in faoliyat olib borganlar. Ularning Turkistondagi yangi davlat idora usuliga oid fikrlari va shu yo‘nalishdagi faoliyatlarini kuzatish jadid ma’rifatparvarlarining XX asr boshlarida Turkiston xalqlarining mustaqillik uchun olib borgan kurashini tashkil etganlari, kelajakda barpo etilajak huquqiy-demokratik davlat tizimini ishlab chiqqanlari, hatto 20-yillar tongidayoq milliy istiqlol bayrog‘ini ta’sis etib, Turkiston xalqlarini shu bayroq ostida birlashtira boshlaganlarini ko‘rsatadiki, bu ularning tarixiy jasoratlaridir.
Jadid ma’rifatparvarlarining davlat qurilishi haqidagi siyosiy-huquqiy qarashlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin mamlakatimizda yangi o‘zbek davlatchiligiga poydevor qo‘yish va uning siyosiy-huquqiy asoslarini belgilash masalasi kun tartibidan o‘rin olganida jadidlarning bu boradagi meroslari katta ahamiyatga molik bo‘ldi. Bu narsa, ayniqsa, mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yaratishda muhim manba bo‘lib xizmat qildi. Zero, jadidlarning Turkiston Muxtoriyat hukumatini tashkil etishlarida qiblanoma o‘laroq xizmat qilgan maromnomalari ilg‘or Yevropa davlatlarining tajribalari bilan birga Turkiston xalqlarining milliy manfaatlari, orzu va umidlarini to‘la hisobga olgan edi.
Jahon madaniyati xazinasidan munosib o‘rin egallagan durdona asarlar asrlar davomida yuzlab va minglab ilmiy tadqiqotlarda mahoratning eng yuksak cho‘qqisi sifatida tahlil etilib, o‘z munosib bahosini olgan bo‘lsa, o‘sha asarlar mualliflarining bir inson, grajdanin sifatida, faol yaratuvchi va adolat jangchisi sifatida, ijtimoiy hayotga yo‘nalish beruvchi ijodkor kuch sifatidagi xizmatlari ham hamma vaqt adabiyotshunoslik fanining bosh mavzularidan biri bo‘lib kelgan.
O‘zbek she’riyatining yorqin yulduzlari deb haqli suratda ulug‘langan, o‘zbek adabiy tilining beshigini tebratgan hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan tadqiqotlarning qariyb hammasida, qolaversa, ularning hayotiga bag‘ishlab yaratilgan katta yoki kichik she’riy va nasriy badiiy asarlarning barchasida ulug‘ salaflarimizning qiyofasi davlat arbobi, o‘z xalqini yorug‘ kunlarga boshlagan amaliyotchi sifatida ham o‘z yorqin ifodasini topgan.
Shu bilan birga, biz tilga olgan davr, ya’ni XIX asr oxirlab, yangisi endigina ko‘z ochayotgan yillarga kelib, ijtimoiy fikr oqimlarining shiddati ma’lum darajada oshdi. Mahmudxo‘ja Behbudiy va Abdurauf Fitrat, Zokirjon Furqat va Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy, Dilshod Barno va Sadriddin Ayniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy va Abdulhamid Cho‘lpon singari ko‘plab yangilik kuychilarini birin-ketin yetishtirgan muhit o‘z tuprog‘imizda unib-o‘sgan Munavvar qori Abdurashidxonov va Sattorxon Abdug‘afforov, Mulla Ikrom hamda Abdulla Avloniy kabi nur va adolatga chanqoq mutafakkirlar yoqqan bilim chirog‘i bilan anchagina ravshanlashib qolgan edi. Bu davraga sharqu g‘arb, shimolu janubdan Ismoilbey Gasprali va Abay Qo‘nonboev, Mirza Fatali Oxundov va Cho‘qon Valixonov, Mustafo Cho‘qay o‘g‘li va Zaki Validiy To‘g‘on kabi o‘z zamonasining faol ziyolilarining ovozi bemalol yetib kelib turardi. Bu tutash ovozlarni esa, eskiroq ta’bir bilan aytganda, mamlakatni feodalizm botqog‘idan qutqarib olib chiqish va yangi izga solib yuborish, hozir quloqlarimiz o‘rganib qolgan ibora bilan aytadigan bo‘lsak, xalqlarimiz yashayotgan hududda huquqiy-demokratik davlat barpo etish uchun da’vat deb bemalol atash mumkin.