OʻZBEK TILI – MILLIY OʻZLIGIMIZ VA MUSTAQIL DAVLATCHILIK TIMSOLI

Til millat taraqqiyotining hayotiy omili bo‘lib, u mamlakatning nomoddiy merosi hisoblanadi, chunki u har bir xalqning etnik-madaniy, mifologik va psixologik kechinmalari va g‘oyalarini ifodalaydi. Pul birligi, bayrog‘i, nomi yoki geografik chegarasidan tashqari davlatning milliy tili, bu mamlakatni noyob, betakror va shukuhli qiladi, bu bir tomondan, mamlakatning o‘ziga xos milliyligi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, xalqning shaxsiy merosini ko‘rsatadi.

Til – millatning o‘tmishi, buguni va ertasini bog‘lab turadigan mustahkam ko‘prik. U darz ketsa, istalgan millat o‘zi, o‘zligi, ma’naviy qiyofasini butkul yo‘qotadi. Til – madaniyat, ma’rifat, axloq, tarbiya va shaxs kamolotining bosh mezoni. Bu mezon shikastlansa, millat tanazzulga, uning go‘zal va abadiy qadriyatlari yo‘qlikka yuz tutmog‘i muqarrardir.

Unutmaylikki, inson ruhiy kechinmalarining rangin tasviri, o‘y-fikrlarining jo‘shqin tabiati, fitratu fikratidagi erk va hurriyat mushohadasining nurli tasviri Ona tilining jozibasi, shukuhi, so‘nmas va betakror qudrati orqali namoyon bo‘ladi.

Til, millat, davlat. Bu uch tushunchani bir-biridan ayro tasavvur qilib boʻlmaydi. Har inson oʻz ona tilida soʻzlaydi, ona tilida tafakkur qiladi, ona tilida his qiladi, ona tilida tush koʻradi. Til – milliy gʻurur, milliy iftixordir. Til muloqot vositasigina boʻlib qolmay, u insonning ichki olamini ifodalaydi, dunyoni teran idrok qilishiga koʻmaklashadi, dunyoqarashi va kamolotini belgilab beradi. Shuning uchun ham yer yuzida rivojlanaman degan davlat borki, oʻz tilining mavqeini koʻtarishga harakat qiladi.

Til – madaniyatning o‘ziga xos xususiyati va etnik o‘ziga xosligi. True Translators Network tomonidan olib borilgan tadqiqotga ko‘ra, tilni rivojlanishi, saqlanishi, madaniy tadqiqotlar kabi narsalar millatning til kodlarini o‘rganish bilan bog‘liqdir. Asosan, muloqot usullari millat qanday shakllangani va madaniy jihatdan qanday rivojlanganligini ko’rsatishning bir usuli hisoblanadi. Til insonlarning o‘zaro aloqa vositasi bo‘lib, yaratuvchining insonga bergan bebaho ne’matidir. Millatlarni millatlardan ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri ham tildir. Dunyoda har bir xalqning o‘z tili uning bebaho boyligi, iftixori, najoti hisoblanadi. Hikmatli so‘zlar, she’ru dostonlar, qo‘shiqlar avvalo biror bir millatning ona tilida dunyoga keladi. Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi, tili yashar ekan u millat boshqa millatlar orasida o‘z nufuzi, obro‘siga ega bo‘ladi. Har bir xalqqa o‘z tili aziz va ardoqli. Sho‘rolar davrida rus tili Ittifoq tili sifatida rivojlantirildi. U jahon tillari darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, ko‘p ming asrlik tarixga ega bo‘lgan turkiy xalqlar ham o‘z ona tillari dunyodagi hech bir xalqning tilidan kam emasligini yoqlab chiqdilar. Bu yo‘ldagi sun’iy to‘siqlarni pisand etmadilar. Mustaqillik arafasida oilaviy va bozor tili darajasiga tushib qolgan o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish haqidagi taklif va kurashlar samarasiz ketmadi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Davlat hujjatlari, davriy nashrlar, darsliklar ona tilimizda yozila boshlandi. Bu xalqimiz ruhini ko‘tardi. Sho‘rolar davrida ham o‘zbek tilini tiklashga, uni Davlat tiliga aylantirishga intilish kuchli bo‘lgan. Xususan, ona tiliga bag‘ishlangan turli tadbirlar o‘tkazishga harakat qilingan bunday tadbirlar ayniqsa, mustaqillik arafasida tez-tez o‘tkazila boshlangan. 1988-yil matbuotda yangi bayram — “Til bayrami” haqida ma’lumotlar paydo bo‘la boshlagan.

Har yili 21 oktabrni o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun sifatida nishonlab kelmoqdamiz. Har bir yildagi bayram turli shiorlar ostida o‘tkaziladi. “Ona tilim — jonu dilim”, “Tilga e’tibor — elga e’tibor”, “Til — millat ko‘zgusi” shular jumlasidandir. Til bayramining mazmunli va qiziqarli o‘tishi har bir o‘quv yurti muallimlarining aql- zakovati, o‘z kasbini qanchalik chuqur egallaganligiga bog‘liq. Til bayramiga taniqli yozuvchi, shoirlar, tilshunos va adabiyotshunos olimlar taklif etiladi. Ular yoshlarga til bilish barcha muvaffaqiyatlarning garovi ekanligini, har bir inson avvalo o‘z ona tilini, qolaversa boshqa tillarni sevib o‘rganishlari zarurligini uqtirib o‘tishadi. Til bayramlarida til haqidagi hikmatli so‘zlar, she’rlar, qo‘shiqlar yangraydi. Shu kuni radio va televideniye orqali til bayramiga doir qiziqarli chiqishlar uyushtiriladi. Til bayrami insonni ona tiliga va o‘z xalqiga bo‘lgan mehr-muhabbatini jo‘sh urdiruvchi betakror bayramdir. Til bayrami shuningdek xalqlar o‘rtasida o‘zaro totuvlik va do‘stlik rishtalarini mustahkamlovchi muhim omildir.

Taxminlarga koʻra, dunyoda ellik million kishi oʻzbek tilida gaplashar ekan. Bu yer yuzi aholisining har 150 kishidan biri oʻzbek tilida gaplashishini anglatadi. Soʻzlashuvchilar soniga koʻra, oʻzbek tili sayyoramizda eng keng tarqalgan, har birida kamida 30 million aholi gaplashadigan 40 ta tildan biri hisoblanadi. O‘zbek xalqining asrlar davomida shakllangan, bugunga qadar yashab, ulug‘lanib kelayotgan o‘z milliy an’analari, og‘zaki ijod namunalari, olimlarimiz tomonidan tadqiq qilinayotgan tarixiy, ilmiy, diniy va adabiy manbalar o‘zbek tilining yaratuvchilik qudrati mahsulidir. Tarix ona tiliga o‘gay munosabatning, g‘ayri tillarga ko‘r-ko‘rona rag‘bat ko‘rsatib, inson o‘zi so‘zlab, muloqot qilib turgan tilning kamsitilishiga ko‘p bor guvoh bo‘lganligi ma’lum. Ammo tilning millat butunligini ta’minlovchi, kishi qalbida faxr-u iftixor tuyg‘usini tarbiyalovchi sehrli kuchi turli davrlarda unga bo‘lgan ishonch va e’tiqodni mustahkamlab kelgan.

Mashhur sharqshunos olim Herman Vamberi turkiylar haqida shunday fikr bildirgan: “Turkiylar o‘zlarining bilimdonliklari bilan butun dunyoni larzaga solgan. Shunisi isbot talab etmaydigan haqiqatki, va ayni paytda hayratlanarliki, bizning Yevropada ibtidoiy hayot hukm surgan bir paytda ularda milliy adabiyot ravnaq topgan”.

Bu e’tirof butun turkey xalqlarning nechog‘liq buyuk madaniyatga ega ekanligini aynan dalilidir. Shunday ekan, avvalo, turkiy xalqlarning kelib chiqishi, tarixiy taraqqiyoti, ilm-ma’rifat rivojlanishi uchun muhim asos bo‘luvchi yozuvning shakllanishi haqida barchamiz bilim va ma’lumotlarga ega bo‘lmog‘imiz lozim.

Qadimgi turkiy xalqlar Ahamoniylar bitiklarida saklar deb yuritilgan. Yunon manbalarida skiflar deb atalgan. “Avesto”da turlar deb atalib, ularning yurti Turon deyilgan. Turk atamasining urug‘, elat, ko‘chmanchilar mamlakati, bahodir, kuchli, qudratli, alohida jangchilar, qurolsizlar, dubulg‘a, sodda kabi ma’nolari qayd etiladi.

M.Ermatov “o‘zbek” so‘zining paydo bo‘lishini turkiy qabilalardan bo‘lmish uz(o‘z)lar bilan bog‘laydi.

Asqad Muxtor esa quyidagicha fikr bildiradi. Menimcha, bu so‘zning (demak, xalq nomining ham) tarixi juda uzoq. 721 yilda turkiy qabilalarning qurultoyi bo‘lgan. Shunda Bilga hoqon o‘z nutqini bunday so‘zlar bilan boshlaydi:” Ey, turk o‘g‘iz beklari!” “O‘g‘iz” u vaqtda “qabila” ma’nosida ishlatilgan. Demak, “O‘g‘iz begi” — qabila boshlig‘i degan so‘z. O‘g‘iz beklari zamonida elning ancha imtiyozli bir qatlami bo’lgan. O‘zbeklar turkiylarning ana shu qatlamiga mansub tabaqadan kelib chiqqan, degan farazim bor.

Bundan tashqari tilshunos olimlarimiz O‘zbek tili tarixini quyidagicha davrlashtiradi:

  • Eng qadimgi turkiy til ( VI asrgacha bo‘lgan davr).
  • Qadimgi turkiy til ( VI-XI asrlar).
  • Eski turkiy til ( XI-XIII asrlar).
  • Eski o‘zbek adabiy tili (XIV-XIX asrlar).
  • Yangi o‘zbek adabiy tili ( XIX-XX asrlar).
  • Hozirgi zamon o‘zbek adabiy tili.

Bundan ko‘rinib turibdiki, o‘zbek tilining tarixiy ildizlari juda qadim davrlarga borib taqaladi.

G‘azal mulkining sultoni, buyuk shoir Navoiy so‘zni olam yaralishining asosi deb hisoblaydi va uning martabasini ulug‘lab, so‘zdek qimmatbaho narsaga hatto gavhar ham sadaf bo‘la olmaydi, deydi:

So‘z guhariga erur oncha sharaf,

Kim bo‘la olmas anga gavhar sadaf.

So‘zning oldida gavhar donasi nima degan gap, bu afsona-ku, so‘zni jahon dengizining durdonasi deb bil, deydi shoir:

Donau dur so‘zini afsona bil,

So‘zni jahon bahrida durdona bil

Buyuk shoirlardar yana biri, notiqlik sanati namoyandasi va nazariyotchisi, mutafakkir, Husayn voiz Koshifiy so‘zning qudrati haqida shunday deydi: “Agar soʻz senikimi yoki sen soʻznikimi, deb soʻrasalar, aytgil: men soʻzniki va soʻz menikidir, chunki soʻz insonlik daraxtining mevasidir, daraxtni mevadan va mevani daraxtdan ajratib boʻlmaydi”.

Adiblarimiz tilning muqaddasligi, ona tili bo‘lmasa xalq, xalq bo‘lib shakllanmasligi xususida bot-bot e’tirof etadilar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin”, deya tilimizning qanchalar muhim ekanligini eslatib o‘tadilar.

E’tirof etishimiz joizki, bugungi kunda oʻzbek tili bir necha rivojlangan davlatlarning 60 ga yaqin oliy oʻquv yurtlarida va 100 dan ziyod maktablarida oʻrganib kelinyapti.

1989-yil 21-oktyar. Bu qutlug‘ kun O‘zbekiston tarixiga, o‘zbek millati yilnomasiga zarhal harflar bilan bitildi. “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilindi. Bu qonun avlodlarimiz asrlar bo‘yi orzu qilgan, ammo orzulari sarobga aylanib qolgan davrlarda momaqaldiroqdek guldirab, chaqmoqdek chaqib, yuzaga keldi. U Mustaqilligimiz sari qo‘yilgan eng dadil qadam edi.  Shuni ta’kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi-desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimiz ruhini ko‘tardi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘sini oshirdi. E’tirof etishimiz joizki, bugungi kunda oʻzbek tili bir necha rivojlangan davlatlarning 60 ga yaqin oliy oʻquv yurtlarida va 100 dan ziyod maktablarida oʻrganib kelinyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari, fan, texnika, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarda qo‘llaniladigan so‘zlarni o‘z ichiga olgan besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” yaratildi.
Davlatimiz  rahbari 2019-yil 21-oktyabr kuni “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmon qabul qildi. Unga binoan 21-oktyabr sanasi O‘zbekistonda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.

Prezidentimiz tilimizni mavqeyini oshirish, xalqimizning o‘z tilining sofligiga e’tiborli bo‘lishlarini ta’kidlab: “ Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak. Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak».

Tilning ijodiy yoki o’ziga xosligi haqida turli fikrlar mavjud bo’lsa-da, ammo agar siz uning tizimlaridan biri orqali gaplashsangiz va uni tushunsangiz, jamiyatga chuqurroq kirishingiz mumkin. Darhaqiqat, inson o‘sha jamiyatning qirralari va nozik madaniy farqlarini bilishi uchun o‘sha davlat tilini mukammal bilishi kerak. Bir mamlakatning milliy tilini o‘zlashtirsangiz, sizni o‘sha mamlakat fuqarolari osonroq qabul qiladi.

Tillar aloqa vositasi bo’lishdan tashqari, madaniy ahamiyatga ega va ularning yo‘qolishi, o‘zlarining noyob ajdodlar an’analari, ogohligi, merosi va xotiralarini yo‘qotishga to‘g‘ri keladi. Ona tilingizni saqlab qolishning eng yaxshi usullaridan biri bu tildan yozma va og’zaki shaklda foydalanishni davom ettirishdir. Aslida, bu turli sohalarda til bilish darajasini oshirishga yordam beradi. Til sivilizatsiyalar asosi boʻlib, jamiyat aʼzolarini bir-biriga bogʻlovchi vosita hisoblanadi. Boshqa tillarni o‘rganish qiziqarli bo‘lishi mumkin, lekin iloji bo‘lsa, ona tilingizdan mukammal bilish va undan foydalanish juda muhim ahamiyatga ega.

Til oilalari bir-biriga yaqin aloqa usullaridan tashkil topgan guruhlar va kichik guruhlarga bo‘linadi. Ular ko‘pincha oila daraxti shaklida ko‘rsatiladi. Mutaxassislar odatda tillar o‘rtasida tizimli moslikni topadilar (grammatik va leksik jihatdan). Ular oilaviy munosabatlarni va ular o‘rtasidagi umumiy ajdodlarni belgilaydi. Ammo ikki til o‘rtasidagi munosabatni isbotlash uchun ularning hozirgi holatini o‘rganishning o‘zi kifoya qilmaydi. Mutaxassislar tarixiy yozma yozuvlarni, qo‘lyozmalarni keng o‘rganishlari kerak; chunki og‘zaki domenlarning o‘zaro bog‘liqligi ularning o‘rtasidagi genetik bog‘liqlik emas, balki so‘zlarning qarz olishiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun tarix davomida tillarning rivojlanishi va o‘zaro ta’sirini o‘rganish ularni to‘g‘ri guruhlash imkonini beradi. Asosan, grammatik va leksik o‘xshashliklarga ega bo‘lgan tillar o‘zaro bog‘liq deb hisoblanadi.

Mamlakatimizning siyosiy ijtimoiy holati, mintaqaviy joylashishini inobatga olsak, fuqarolarimiz bir nechta tilni bilishlariga to‘g‘ri keladi, qolaversa, hozirgi kunda dunyo hamjamytida munosib o‘ringa ega bo‘lishimiz uchun, aynan mutaxassislarning til bilish darajasi juda katta ahamiyatga ega, shunga ko‘ra, davlatimiz tomonidan bunga jiddiy e`tibor qaratilmoqda va xorijiy til bilish darajasiga ega bo‘lgan xodimlarga berilayotgan ustama haqlar, talabalardan talab qilinayotgan til bilish darajasini belgilaydigan sertifikatlar va ularni rag‘batlantirishi, barqaror rivojlanish uchun asos hisoblanadi. Zotan, til bilish dunyoqarashni kengaytiradi, chegaralarni yo‘qotadi, muloqot qilishda to‘siq qolmaydi, turli mamlakat odamlarini bir-biriga yaqinlashtiradi, birlashtiradi. Bu esa taraqqiyot omili hisoblanadi, chunki hamma ishlar muloqotdan boshlanadi.

Til o‘rganuvchilar o‘z ona tillari va boshqa tillarda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishi bilan birga, birinchi til yoki ona tilini mukammal bilishlari juda muhim bo‘lib, chunki boshqa tilni o‘rganish qiyosiy o‘qish va yozish asosida ko‘nikmalarini beradi. Shuningdek, har bir til egasi o‘zining milliy qadriyatlarini, milliy o‘zligini, madaniyat va an’anasini yaxshi bilgan holda bilimlarni yetkazish orqali barqaror va barkamol kelajakga erishadi.

Xulosa qilsak, biz bir nechta xorijiy tillarni o‘rganishimizga to‘g‘ri keladi, bu bugungi kun talabi, taqozosi va zaruriyati hisoblanadi. Ona tili madaniy boylik bo‘lib, jamiyat madaniyatini saqlash, rivojlantirish va mustahkamlash haqida gap ketganda, u jamiyatning o‘tmishi, buguni va kelajagini bog‘laydigan yagona unsurdir. Tildan boshqa hech narsa millat taraqqiyotiga asos bo‘lolmadi. Ona tilingizni mukammal bilishingiz boshqa tillarni tez va oson o‘rganishingizga asos bo‘la oladi, ayni paytda ona tilingiz immuniteti hisoblanadi, ya’ni lug‘atingizga har xil begona so‘zlar kirib kelavermaydi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan