USTOZLIK – QADRI BUYUK MUALLIM

Jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-ma’rifiy va ma’naviy salohiyati ta’lim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati esa ko‘p jihatdan o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq. Shu sababli mamlakatimizda o‘qituvchi va murabbiylarning obro‘-e’tiborini yanada oshirish, yoshlarimizning bizdan ko‘ra bilimli, kuchli va albatta baxtli bo‘lishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Har bir inson, qayerda ishlamasin, qanday kasb egasi bo‘lmasin, unga bilim va tarbiya berib, mustaqil hayotga yo‘llagan insonni hurmat bilan esga oladi.
O‘qituvchi – mas’uliyatli va mashaqqatli kasb, og‘ir va davomli mehnatni,
sabr-toqatni talab qiladigan savobli ish. Insoniyat kamoloti uchun bugun bilimi, iqtidori va hayotini baxsh etgan ustozlarning xizmatlarini hamma zamonlarda ham kishilar hurmatlab, o‘zlarini esa e’zozlab kelishgan. Ustoz o‘zidan keyin har bir insonning hayotida sezilmas, ammo juda muhim iz qoldiradi. shu birgina so‘z zamirida olam-olam ma’no va hurmat mujassam. Mashhur insonlarning aynan yuqori cho‘qqilarga erishishlari ham ustozlarning beqiyos zahmatidir. Mazkur kasb azal-azaldan jamiyat uchun eng muhim hamda kerakli qadimiy kasb hisoblanadi. Vladimir Dal o‘zining izohli lug‘atida yozadi: “Bilim xohish istakni talab etadi”. Avvalambor, o‘qituvchi o‘z kasbini sevishi, o’quvchilarning har biriga mehr qo‘yishi, bor bilimu korlarini hech qizg‘anmay bolalarga o‘rgatishi kerak. Kasbga muhabbat birinchi o’rinda turishi lozim. Shundagina o’qituvchi degan oliy maqomga ega bo‘ladi. Hozirgi zamonaviy texnologiyalar asrida kompyuterlar inson aqliy mehnatini yengillashtirishga yordam beradigan texnik qurilma sifatida xizmat qilmoqda. Ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash bo‘yicha kompyuterlarni samarali qo‘llash doirasi kundan-kunga kengayib bormoqda. Masalan, zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan-texnika, bozor iqtisodiyoti kabi sohalar singari pedagogika sohasida ham kompyuter texnologiyalari izchil jadal suratda rivojlanib bormoqda. Mazkur texnologiyalardan talabalar darslik bilan ishlash, uy vazifalari, tarqatma materiallar, ijodiy va yozma ishlarni bajarish jarayonida foydalanmoqdalar. Zamonaviy texnologiyalar ayni vaqtda pedagog vazifasini bajarayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa o‘z o‘zidan savol tug‘dirishi mumkin. Agar texnologiyalar o‘quvchi va talabalarga uy vazifasini tayyorlashga, biron bir chet tillarini o‘rgatishga, ular qiziqqan barcha ma’lumotni taqdim etsa, o‘qituvchining mavqeiga zarar yetmaydimi. Shunda bir nechta 7 yashar bolalar bilan ushbu savol javol topish uchun tadqiqot o‘tkazildi. Bola ota-onasi yordamisiz ham kompyuter orqali uy vazifalarini bajarsa, unga qiziqarli savollarga javobni kompyuter bersa, demak, maktabga bormasdan ham uyda bilim olsa bo‘lar ekanda. Hayratlanarlisi, ularning 3 % texnologiyalar o‘qituvchining vazifasini to‘laqonlikcha bajarishiga ovoz berishdi. Qolgan 97% esa zamonaviy texnologiyalar faqatgina o’qituvchi hamda o’quvchining vazifasini yengillashtiruvchi muloqot vositasi deb hisoblashishligini aytishdi. O‘qituvchi zimmasiga hayot talablariga to‘la javob beradigan va o‘z zamoniga munosib kishilarni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifa yuklatilgan. Quyosh o‘z nuri bilan butun tabiat, borliqni jonlantirgani kabi, o‘qituvchi, murabbiy ham bor mahorati, ilmi bilan o‘quvchi-yoshlar qalbini ilm ziyosi bilan to’ldirishga axd qilgan buyuk kasb egasidir.

Hayotning go‘zalligi, farovonligi, odobligi, qolaversa, istiqlolimizning ravnaqi muallim mehnati bilandir. O‘z davrining mashhur pedagogi Abdulla Avloniy “har bir millatning saodati, davlatlarning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liqdir”, deb yozgan edi. “Ustoz otangdek ulug”, degan hikmatda olam-olam ma’no bor. Hatto otani quyoshga qiyos etamiz, ko‘klarga ko‘tarib maqtaymiz. Ammo otaday ulug‘ deb nisbat beriluvchi inson bor, bu – ustozdir! Haqiqatan, ota-ona seni voyaga yetkazadi, ustoz esa unib-o‘sishing, kamolatga erishishing, ilm-ma’rifat cho‘qqilarini zabt etishinga ko‘maklashadi. O‘z umrini, qalb qo‘rini, aql-idrokini, tajribasi va bilimini sening yo‘lingga sarf etadi. Yutug‘ingni ko‘rib quvonadi, muvaffaqiyatsizligingdan g‘am-anduh chekadi.

O‘qituvchi bog‘bonga o‘xshaydi. U tarbiyalab o‘stirgan nihollarning hosili qanchadan-qancha avlodlarni bahramand qiladi. O‘qituvchi va murabbiylarning mas’uliyatli, ammo sharafli kasblarini bir mash’alaga qiyos etish mumkin.

Koʻpgina mamlakatlarda 1994-yildan boshlab har yili
5-oktyabr UNESCO tavsiyasi bilan Oʻqituvchilar kuni sifatida nishonlanadi.
1966-yil 5-oktyabrda Parijda boʻlib oʻtgan “Oʻqituvchi maqomi boʻyicha maxsus hukumatlararo konferensiya” yakunlanganligi va UNESCO va XMT vakillari tomonidan “Oʻqituvchilarning maqomi toʻgʻrisidagi tavsiyalar” bir ovozdan qabul qilingan kunni nishonlaydi. Turli mamlakatlarda madaniy va tarixiy xususiyatlari va maktab taʼtillariga qarab turli sanalar Oʻqituvchilar kuni sifatida belgilangan.

O‘qituvchilik eng mas’uliyatli va sharfli kasb. Dunyodagi jamiki xodimlar-u, biznesmenlar ustozlaridan dars olib hayotda katta yutuqlarga erishishgan. Bugun qo‘llarida gul ko‘tarib ketayogatgan o‘quvchilarni ko‘rib, barchamiz bir marta bo‘lsada o‘z ustozimizni eslagan bo‘lsak kerak.

Bugun biz mamlakatimizda millati, tili, dinidan qat’i nazar, har bir inson o‘z qobiliyati va iste’dodini, bilim va tajribasini ro‘yobga chiqara oladigan ijtimoiy davlat barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda barcha kuch va imkoniyatlarimizni yoshlarimizning intellektual va jismoniy kamoloti, ularning sifatli ta’lim olib, hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun safarbar etmoqdamiz. Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ta’lim sohasidagi islohotlarimiz ushbu nufuzli tashkilotning “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg‘un va hamohang ekani e’tirof etilgani barchamizni albatta xursand qiladi.

Bu yil yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilk bor o‘qituvchi maqomi alohida belgilanib, ta’lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritilgani bejiz emas. Chunki, jamiyat hayotida o‘qituvchining o‘rni va ta’siri
oshsa – maktabning obro‘yi oshadi, ilm-fan, ta’lim va tarbiya sohasining qadri ko‘tariladi. Muallimning obro‘-e’tibori esa bu millatning, butun xalqning
obro‘-e’tiboridir. So‘nggi yillarda birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli mamlakatimizda ko‘plab yangi bog‘chalar, maktab va oliygohlar barpo etilmoqda. Ta’lim-tarbiya va ilm-fan muassasalarining moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Darslik va o‘quv qo‘llanmalarining yangi avlodi yaratilmoqda.

Soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash va rag‘batlantirish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda. Oxirgi yetti yilda maktabgacha ta’lim bo‘yicha qamrov darajasini 27 foizdan 72 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 42 foizga, oliygohlarimiz sonini 77 tadan 212 taga yetkazishga erishganimiz, hech shubhasiz, eng muhim yutug‘imizdir.

O‘zbekiston  Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga bayram tabrigidan

Ustozlar haqida so‘z yuritilar ekan doimo Iskandar Zulqarnayn to‘g‘risidagi hikoya yodimga tushadi. U ishg‘ol qilgan yurtining taxtiga birinchi bo‘lib ustozini o‘tkazar ekan. Bir kuni undan: “Nima uchun bunday qilasiz?” deb so‘rashganda: “Ota-onam tug‘ilishimga, ustozim esa yuksalishimga sababchi bo‘lganlar”, degan ekan.

Har bir inson zoti uchun esa eng birinchi ustozi – uning OTA-ONASIDIR! Undan keyingisi esa xat qalamni oʻrgatgan, oq-qorani tanitgan ustozlardir.

Shuning uchun ham har bir aql-zakovatli, fahm-farosatli odam “Ustozlar va murabbiylar” bayram kunida ham eng birinchi boʻlib oʻzining doimiy peshqadamlari boʻlmish oʻz ota-onasidan boshlab, ustoz va murabbiylarini koʻngillarini shod qilib, bebaho, betakror va beqiyos duolaridan bahramand boʻlishga shoshiladi.

USTOZ SOZINING MA’NOLARI

Ustoz – usta degani. Ustoz so‘zi tilimizga forschadan o‘tgan. U usta so‘zi bilan o‘zakdosh. Asliyatda muallim, usta ma’nolari ishlatiladigan bu so‘z o‘zbekchada ikki xil ma’noda qo‘llanadi:

  1. Kasb, hunar, ilm va shu kabilarni o‘rgatuvchi; o‘qituvchi, muallim. Ustozidan saboq olgan, auditoriyalarda bo‘ladigan bahslar va jiddiy mashg‘ulotlarda qatnashgan talaba bo‘shagan zahoti ikkinchi uyi – yotoqxonaga shoshiladi. Gazetadan.
  2. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi, tarbiyalovchi, murabbiy; rahnamo, o‘qituvchi, muallim. Shunday qilib, kitobni ko‘tarib, ming istihola bilan ustoz Mirtemirga yaqinlashdim. Gazetadan.

Bu so‘z ustod shaklida ham qo‘llanadi, lekin bu shakl hozir eskirgan. Muallim – ilm beruvchi     . Muallim so‘zi arab tilidan olingan, ilm, ta’lim, olim so‘zlari bilan o‘zakdosh. O‘zbek tilida ikki xil ma’noda qo‘llanadi:

  1. Dars beruvchi kishi; o‘qituvchi, pedagog: matematika muallimi, musiqa muallimi, universitet muallimi. Fiqhdan ta’lim beruvchi muallimning maoshi
    300 dirhamni tashkil etgan.
    “Fan va tumush”.
  2. Ta’lim beruvchi, birovga biror narsa o‘rgatuvchi kishi; ustod, ustoz. Bugun muallim so‘zi jonli tilda kam qo‘llanadi. Og‘zaki uslubda malimshaklida ishlatish uchraydi.

O‘qituvchi – sof o‘zbekcha atama. O‘qituvchi so‘zi domla, muallim, ustoz, murabbiy kabi so‘zlar qatorida sof o‘zbekcha ekani bilan ajralib turadi. U fan, tarbiya asoslaridan birini o‘qitadigan, dars beradigan kishini anglatadi. Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida, maktablarda dars beradigan mutaxassislarning rasmiy lavozimi ham aynan o‘qituvchilikdir: Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi unga “sendan yaxshi sportchi chiqadi”, degan. O‘. Hoshimov, “Qalbingga quloq sol”

Murabbiy – tarbiyachi demak. Murabbiy arab tilidan olingan, tarbiya so‘zi bilan o‘zakdosh. O‘zbek tilida tarbiyachi, rahnamo, sport treneri kabi ma’nolarda ishlatiladi: Murabbiy – bola qalbida nish ura boshlagan umid g‘unchalarining mehribon sohibidir. R. Usmonov, “Odobnoma”.

Mudarris – dars beruvchi. Mudarris so‘zi arab tilidan kirgan. Dars, madrasa so‘zlari bilan o‘zakdosh. Madrasada dars beruvchi kishini, madrasa o‘qituvchisini bildiradi. Hozir ham diniy ta’lim muassasalari, jumladan, madrasa muallimlari mudarris deb ataladi. Bu so‘z oldinlari tilda faol qo‘llangan: Katta amakisi Buxoroning “Xo‘ja Porso” madrasasining mudarrisi bo‘lib, Abdurahmon shu kishining tarbiyasiga kelgan edi. A. Qodiriy, “Mehrobdan chayon”.

Pedagog – qadim atama. Bu so‘zning ildizi qadimgi yunon tilidagi paydagogos iborasiga borib taqaladi. Bola yetaklovchi ma’nosiga ega bu atama dastlab bolaga ilk ta’limni beruvchi va unga g‘amxo‘rlik qiluvchi qullarga nisbatan ishlatilgan. Qadimgi Afinada bola yetti yoshga yetgach, pedagog tarbiyasiga berilgan. U bolaning savodini chiqargan. Jismoniy va ruhiy xavf-xatarlardan himoya qilish ham pedagog zimmasiga yuklatilgan. Pedagog bolani maktabgacha kuzatish va olib kelish, hamisha uning yonida bo‘lish majburiyatini olgan. Pedagog so‘zi pediatr so‘zi bilan “qarindosh”. Pediatr bolalar salomatligi bo‘yicha mutaxassisdir.

Pedagog so‘zi dastlab lotin tiliga, undan fransuz tiliga o‘tgan. XVIII asrda rus tiliga kirib kelgan va keyinchalik o‘zbekchaga o‘zlashgan. Hozirgi o‘zbek tilida pedagog so‘zi pedagogika sohasi mutaxassisi; bolalar va yoshlarni tarbiyalash va o‘qitish bilan shug‘ullanuvchi, shu soha bo‘yicha maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lgan shaxs, o‘qituvchini anglatadi. Pedagogning vazifasi yuksak, murakkab va oliyjanobdir. “Fan va turmush”.

Tyutor – murabbiy demak. Tilimizda oxirgi yillar ichida paydo bo‘lgan bu atama talabalarning ma’naviy va ijtimoiy holatini doimiy ravishda tahlil qilib boruvchi, mavjud muammolarni bartaraf etishda yaqindan yordam ko‘rsatuvchi mutaxassisni anglatadi. Tyutor – inglizcha so‘z. Ingliz tiliga lotin tilidan qadimgi fransuz tili orqali o‘tgan. Taxminlarga ko‘ra, bu so‘zning ildizi sanskrit tiliga borib taqalishi mumkin.      Tyutor zamonaviy ingliz tilida ustoz, murabbiy, xususiy ta’lim bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis ma’nolarida qo‘llanadi. O‘zbek tilida oliy ta’lim muassasasi xodimini anglatadi. U talabalarning qiziqishlari, darsdan keyingi mashg‘ulotlari, yashash sharoitlari kabi masalalar bilan shug‘ullanadi. Bu mazmunni o‘zbek tilida shu paytgacha qo‘llanib kelayotgan murabbiy so‘zi bemalol bera oladi. Fikrimcha, tilimizda tayyor so‘z turgan paytda yana yangi atama qidirish mutlaqo ortiqcha.

Professor – xalq o‘qituvchisi. Professor so‘zi lotinchada ommaviy o‘qituvchi, xalq o‘qituvchisi degan ma’noni anglatadi. Uning o‘zagi profiteri – ochiq aytmoq, e’lon qilmoq, oshkor gapirmoq fe’liga borib taqaladi. Professor oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlaridagi yuksak malakali ilmiy xodimlarning ilmiy unvoni yoki lavozimidir. Dastlab XVI asrda Oksford universitetida rasmiy maqom sifatida tatbiq etilgan. Professor so‘zi o‘zbek tiliga rus tilidan o‘tgan. Rus tiliga XVII–XVIII asrlarda nemis tilidan kirgan.

Birinchi o‘zbek professori Abdurauf Fitratdir. U 1926-yili ana shu ilmiy unvonga ega bo‘lgan.

Hayotning go‘zalligi, farovonligi, odobligi, qolaversa, istiqlolimizning ravnaqi muallim mehnati bilandir. O‘z davrining mashhur pedagogi Abdulla Avloniy “har bir millatning saodati, davlatlarning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liqdir”, deb yozgan edi. “Ustoz otangdek ulug”, degan hikmatda olam-olam ma’no bor. Hatto otani quyoshga qiyos etamiz, ko‘klarga ko‘tarib maqtaymiz. Ammo otaday ulug‘ deb nisbat beriluvchi inson bor, bu – ustozdir! Haqiqatan, ota-ona seni voyaga yetkazadi, ustoz esa unib-o‘sishing, kamolatga erishishing, ilm-ma’rifat cho‘qqilarini zabt etishinga ko‘maklashadi. O‘z umrini, qalb qo‘rini, aql-idrokini, tajribasi va bilimini sening yo‘lingga sarf etadi. Yutug‘ingni ko‘rib quvonadi, muvaffaqiyatsizligingdan g‘am-anduh chekadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan