Milliy qonunchilikni tizimlashtirish va rivojlantirish maqsadida yangi tahrirdagi qonun o‘rniga yangi qonunni qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu qonunchilik bazasining tizimliligini va kompleksliligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Parlamentarizm tizimining salohiyatini oshirish sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar tufayli parlamentning nazorat qilish vakolatlari ham sezilarli darajada kengaytirildi.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha parlament oldida har chorakda hisobot berish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Parlament nazoratining ushbu yangi shakli Hukumatning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirish, Davlat dasturlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda deputatlik korpusining islohotlar jarayonida faol ishtirokini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Hukumat a’zolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish – “hukumat soati” instituti amaliyotga samarali joriy etildi. Mazkur institut parlament nazorati faoliyatiga yangicha ruh olib kirdi. Bugungi kunda aholini tashvishga solib kelayotgan hayotiy dolzarb muammolarga aynan “hukumat soati” tadbirlarida yechim topilmoqda.
Ilk bor O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti qonun shaklida qabul qilindi. O‘z navbatida, budjet ijrosi ustidan nazorat ham endilikda vazirlik va sohalar kesimida manzilli olib borilmoqda.
Bugungi kunda nafaqat Hukumat faoliyatini nazorat qilish, balki, Hukumat a’zoligiga nomzodlarni Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqish va ma’qullash amaliyoti joriy etildi. Bu esa hukumat tarkibini shakllantirishda xalq vakillarining bevosita ishtirokini ta’minlamoqda hamda ularning fikri va ovozi asosida muayyan bir vazir yoki boshqa hukumat a’zosini lavozimga qo‘yish amalga oshirilmoqda. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisdagi vakolatli vakili lavozimi joriy etildi.
O‘tgan davrda aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizm va samarali usullarini joriy etish deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Saylov okruglaridagi saylovchilar bilan hamkorlikning shakl va usullari o‘zgartirildi. Xalq vakillari faoliyatida saylovchilar deputat oldiga emas, deputat o‘z saylovchilari huzuriga borishi shart, degan tamoyil ustuvorlik kasb etdi. Ilgari deputatlar o‘z saylovchilari bilan yilda 2-3 marta uchrashgan bo‘lsa, bugungi kunda deputatlar har oyning oxirgi haftasida saylov okruglarida bo‘lib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish bilan shug‘ullanmoqda.
Qolaversa, deputatlar o‘z saylovchilari bilan Axborot kommunikatsiya texnologiyalari orqali muloqot olib bormoqdalar. Axborot maydonida deputatlar faoliyati sezilarli darajada faollashdi. Deputatlar “facebook” va “telegram” ijtimoiy tarmoklarida o‘z sahifalari va kanallarini ochib, aholi bilan qayta aloqani yo‘lga qo‘yganlar.
O‘tgan davrda deputatlar hududlarda odil sudlovni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanish, “Temir daftar”ga kiritilgan aholini qo‘llab-quvvatlash, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” asosida ishsiz yoshlar hamda xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni atroflicha o‘rganib, sohada tegishli choralar ko‘rilishiga erishishdi.
So‘nggi yillarda parlamentda yoshlarning o‘rnini kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Qonunchilik palatasi deputatlarining 9 nafari yoki 6 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni tashkil etadi.
Bugungi kunda palatada tashkil etilgan Yoshlar parlamenti a’zolari qonun ijodkorligi jarayoniga yoshlarni jalb qilish orqali ularning parlament hayotiga daxldorligini oshirishda faol ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston dunyodagi eng nufuzli xalqaro parlament tashkilotlari bo‘lgan Parlamentlararo Ittifoqda, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasida, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasida o‘zining a’zoligini tikladi. Bu esa, keng doiradagi masalalar bo‘yicha samarali hamkorlik borasida qo‘shimcha imkoniyatlar eshigini ochdi.
O‘tgan davrda Oliy Majlisning xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik bo‘yicha qator parlamentlaro hamkorlik guruhlari tashkil etildi. Jumladan, Qonunchilik palatasida 2015–2019 yillarda 28 ta parlamentlararo hamkorlik guruhi faoliyat olib borgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 50 dan oshdi.
O‘zbekistonning xalqaro shartnomalardagi majburiyatlari bajarilishi hamda xalqaro yo‘nalishda qabul qilingan “Yo‘l xaritalari” ijrosi ustidan parlament nazorati kuchaytirildi. Masalan, parlamentimiz BMTning barqaror rivojlanish maqsadlarini O‘zbekiston tomonidan bajarishga, mamlakatimizning xalqaro reytinglar va indekslardagi ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashga doir rejalar ijrosiga ham faol hissa qo‘shmoqda.
Mamlakatimizda olib borilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar natijasi o‘laroq, parlamentning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni yanada oshdi.
Avvalambor, Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan Qonunchilik palatasi bilan Senatning birgalikdagi vakolatlari hamda har bir palataning alohida-alohida vakolatlari va mas’uliyat sohalari aniq belgilab berildi. Masalan, agar ilgarigi Konstitutsiya bo‘yicha Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 ta bo‘lgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga asosan ularning soni 12 taga yetdi.
Xususan, Davlat budjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish kabi vakolatlar bevosita xalq tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylanadigan Qonunchilik palatasiga o‘tkazildi. Bu o‘zgartish quyi palataning vakillik tabiatiga mos keladi hamda uning faoliyatini yanada samarali tashkil etish imkonini beradi.
Yana bir muhim masala. Ilg‘or xorijiy tajriba inobatga olinib, Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash vakolati Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga o‘tkazildi. Bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasiga taqdim qilishdan oldin Prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish tartibi joriy etilmoqda.
Xuddi shunday, Senatning mutlaq vakolatlari ham amaldagi 14 tadan – 18 taga oshirilmoqda. Jumladan, hududiy manfaatlarni ifodalovchi organ sifatida Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashish kabi muhim vakolati Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yildi.
Shuningdek, davlat hokimiyati tizimida o‘zaro tiyib turish va muvozanatni ta’minlash prinsipidan kelib chiqib, vazirliklar va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish va tugatish to‘g‘risidagi farmonlarni tasdiqlash vakolatini ham Senatga o‘tkazish taklif etilmoqda.
Parlamentning nazorat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarini lavozimga qo‘yish borasidagi funksiyalari kuchaytirildi hamda Prezidentning ayrim vakolatlari parlamentga o‘tkazildi.
Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Bosh prokuror, Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda ko‘rib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanishi, shuningdek Monopoliyaga qarshi organ va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarlari Senat tomonidan saylanishi belgilandi.
Shu bilan birga, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimi kiritildi.
Qonun Senat tomonidan oltmish kun ichida ko‘rib chiqilishi belgilandi. Agar Senat qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida oltmish kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborilishi nazarda tutildi.
Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari ham kuchaytirilib, parlament nazoratining muhim shakli bo‘lgan parlament tekshiruvi instituti Konstitutsiyada alohida mustahkamlab qo‘yildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yillik milliy ma’ruzani eshitish, davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash, parlament tekshiruvini amalga oshirish kabi muhim vakolatlar palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiritildi.
Bu esa ikkala palataning mazkur yo‘nalishdagi samarali hamkorligini ta’minlagan holda, korrupsiya illatiga qarshi kurashish borasida ijobiy o‘zgarishlar uchun mustahkam zamin yaratadi, deb hisoblaymiz.
Ko‘plab olimlar ta’kidlaganidek, parlament davlat hokimiyatining boshqa institutlaridan farqli ravishda doimo “demokratiya nazariyasi va amaliyotining kesishuvi ro‘y beradigan nuqtada turadi” va xalq hokimiyatchiligining timsoli hisoblanadi.
Davlat hokimiyati tizimida parlamentning rolini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalq vakillaridan yanada faol bo‘lishni talab etadi. Shu ma’noda, parlament islohotlarning tom ma’nodagi tashabbuskori va madadkori bo‘lish uchun bor salohiyatini ishga solgan holda, o‘z faoliyatini takomillashtirib boraveradi.