TEJAMKORLIK – FAROVONLIK GAROVI

  1. TEJAMKORLIK-YARIM BOYLIK

Xalqimizda “Tejamkorlik-yarim boylik” degan naql bor. “Tejamkorlik-yarim boylik” mavzusida fikr yuritishdan oldin tejamkorlik nima degan savolga javob berib o‘tsak ma’qul bo‘lar edi.

Xo‘sh, tejamkorlik o‘zi nima?

Ma’lumki, tejamkorlik so‘zining o‘zagi “tejamoq” fe’lidan olingan bo‘lib,  bu  fe’lning ma’nosi haqida “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da: “Tejamoq-ortiqcha sarfga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilib ish tutmoq, ayash, tejam bilan sarflamoq, isrof qilmaslik yo‘li bilan orttirmoq, ishlatmay, sarflamay qoldirmoq”deyiladi.

Bizga berilgan barcha ne’matlarni qadrlashimiz, ularni tejab-tergab ishlatishimiz lozim bo‘ladi va shu bilan birga berilgan ne’matlarni g‘animat bilib behuda sarf bo‘lishini oldini olishimiz zarur.  Hayotingni o‘limingdan, sog‘lig‘ingni kasal bo‘lishingdan, bo‘sh vaqtingni mashg‘ul bo‘lishingdan, yigitligingni keksa bo‘lishingdan va boyligingni faqir bo‘lishingdan avval g‘animat bil» (Imom Buxoriy rivoyati) deyiladi. Insonga berilgan eng qadrli ne’mat insonning hayoti, umridir. Inson o‘z umrini tejab, uni yaxshi narsalarga sarflash lozim. Umrni behuda sarflab, uni isrof qilish maqbul hisoblanmaydi.

 

2.TEJAMKORLIK – FAROVON TURMUSH GAROVI

Nikoh, oila doimo dolzarb masalalardan hisoblanib kelingan. Xalqimiz urf­odatlarida unga e’tibor bilan qarab, oila mustahkamligini ta’minlashda barcha birdek mas’ul bo‘lgan.

Ma’lumki, azal-azaldan ikki yoshni unashtirib to‘y-tantana qilishdan asosiy maqsad ularni er-xotin deb e’lon qilishdan iboratdir. Ana shuni e’lon qilish maqsadida o‘tkaziladigan to‘y marosimlari turli xalqlar orasida milliy va diniy qarashlarga suyangan holda o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 28-oktabrdagi Farmoniga asosan, to‘y-hasham, ma’raka va boshqa marosimlarni ixcham, ortiqcha sarf-harajat va dabdabalarsiz o‘tkazish belgilab qo‘yilgan.

Ushbu Farmonda belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, Respublika “Mahalla” jamg‘armasi, uning viloyat va tuman bo‘limlari, ular tasarrufidagi barcha mahallalar, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika “Ma’naviyat-ma’rifat jamoatchilik markazi”, “Oila” ilmiy-amaliy markazi, “Nuroniy”,  “Oltin meros” jamg‘armalari “Mahallalarda to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazish bo‘yicha tuziladigan maslahat kengashlari haqida tavsiyalar” ishlab chiqdilar.

Ammo, hozirgi kunimizda o‘ta dabdabali va isrofgarchilikka yo‘l qo‘yib o‘tkazilayotgan to‘y marosimlari xalqimiz urf-odatlariga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlab o‘tish lozim. Chunki, to‘ylarimizda shuhratparastlik, dabdababozlik, manmanlik, isrofdagi musobaqa avjiga chiqqan.

3.O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING

QARORI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi         PQ-171-son Qarori qabul qilindi. Unda tejamkorlik bo‘yicha ham birqancha vazifalar belgilab berilgan:

qishloq xo‘jaligida organik o‘g‘itlardan foydalanishni rag‘batlantirish; faoliyati natijasida oqova suv hosil qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni markazlashtirilgan oqova suv tizimiga ulash yoki muqobil tozalash uskunalari bilan jihozlash majburiyatini kiritish. Bunda, ushbu majburiyatni bajarmagan jismoniy shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha, yuridik shaxslarga nisbatan — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 300 baravarigacha bo‘lgan miqdorda moliyaviy jarimalar qo‘llash; avtotransport vositalari bilan kirish uchun ekologik yig‘im undirish; ekologik toza hudud rejimi tatbiq etiladigan hududlarning tashkil etilishi hamda boshqa shartlari va talablarini belgilash; respublikada suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish maqsadida Toshkent shahar va viloyat markazlarida suv aylanma tizimi mavjud bo‘lmagan avtomobil yuvish shoxobchalari faoliyatini hamda yangi avtomobil yuvish yangi shoxobchalarini tashkil etishni taqiqlash.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi 2023-yilda umumiy ovqatlanish sohasida oziq-ovqat chiqindilari hosil bo‘lishini kamaytirish va ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish hamda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tavsiyalarini (Global Initiative on Food Loss and Waste Reduction) joriy etish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi “Oqilona iste’mol” dasturini ishlab chiqdi.

1.Davlat organlari tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarda oziq-ovqat iste’molining oqilona me’yorini belgilash, ortiqcha iste’molni kamaytirish, shu jumladan, bir shaxsga bir martalik ovqatlanish miqdorini belgilash.

2.Umumiy ovqatlanish sohasida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va iste’molchilarning oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan mas’uliyatini oshirish.

3.Aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish odatlarini shakllantirish va ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish hamda me’yoridan ortiq iste’molni targ‘ib qilishni cheklash.

4.Isrofgarchilikka yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan moliyaviy choralar ko‘rish va nazorat mexanizmlarini o‘rnatish.

  1. Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirlik Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda davlat organlari va tashkilotlarida qog‘ozdan foydalanishni keskin kamaytirish, ayrim yo‘nalishlarda faoliyatni to‘liq raqamlashtirish orqali qog‘ozdan to‘liq voz kechish bo‘yicha nazorat o‘rnatish.

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va boshqa turdagi ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan foydalanish.

6.Aholi salomatligini tiklash, ekologik turizmni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirish.

7.Donor mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, jamg‘armalar va kompaniyalar mablag‘larini keng jalb qilish bo‘yicha xalqaro aloqalarni yanada kuchaytirish.

 4.ENERGIYA TEJAMKORLIK YO‘LIDA SAMARALI ISLOHOTLAR

“Muqobil energiya manbalarini o‘rnatish bu – davlat siyosati” — Shavkat Mirziyoev

Hozirgi kunda O‘zbekistonda Prezidentimiz belgilab bergan vazifalarga muvofiq  iqtisodiyot tarmoqlarida energiya resurslarini tejash va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani rivojlantirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda energiya resurslari xarajatlarini optimallashtirishga va ularning iste’mol hajmini kamaytirish, mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishini mustahkamlashga hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini pasaytirishga va ularning tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz raxbari joriy yilnig 27-avgust kuni energiya tejamkorligini ta’minlash, muqobil quvvatlardan foydalanishni kengaytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Ushbu yig‘ilishni o‘tkazishdan maqsad mamalakatimizda energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqib, tejamkorlik ishlarini amalga oshirishdir. Hozirgi kunda mamlakatimizda energiya resurslariga talab yildan yilga oshib bormoqda. Bunga mos ravishda yangi stansiyalar qurilib, manbalar ko‘paytirilmoqda.

Shu bilan birga, joriy yil boshida hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan edi. Davlat rahbarining joriy yilning iyul oyida Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu rejani ilmiy asoslangan holda 2 baravar oshirib bajarish yo‘llari ko‘rsatib o‘tildi.

Shundan so‘ng, Farg‘ona politexnika instituti olimlari tomonidan Farg‘ona tumanidagi elektr iste’moli o‘rganildi. Misol uchun, 4,6 ming xonadon va 233 ta tadbirkorga xizmat qiladigan “Log‘on” podstansiyasidagi yillik yo‘qotish 5 million kilovatt/soatni tashkil qiladi. Bu – tabiiy yo‘qotish uchun belgilangan me’yordan 1,5 baravar ko‘p.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur podstansiyadan elektr oladigan 113 ta transformatordagi yuklamani teng taqsimlash orqali 765 ming kilovatt/soat yo‘qotishning oldini olish mumkin. Eng muhimi, bunga xarajat talab qilinmaydi. Tuman elektr korxonasida boshqaruv to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa bo‘ldi.

Yoki suv nasoslariga xizmat ko‘rsatuvchi 44 ta transformatorga reaktiv quvvat batareyalari o‘rnatilsa, yo‘qotish yiliga 1,1 million kilovatt/soatga kamayadi, xarajat bir yilda o‘zini oqlaydi.

Umuman, Farg‘ona tumanidagi 14 ta podstansiyada 15,5 million kilovatt/soat yoki yiliga o‘rtacha 6 milliard so‘mlik ortiqcha yo‘qotish hisob-kitob qilingan. Ish yuqoridagidek omilkorlik bilan tashkil qilinsa, elektrdan iqtisod qilish rejasini bajarish mumkin.

Mamlakatimiz bo‘yicha 1 ming 800 ta shunday podstansiya va 100 mingga yaqin transformator bor. Mutasaddilarga ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy qilib, energiyani tejash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Qoraqalpog‘istonda gazni tejash bo‘yicha yaxshi natija bor. Hozirgacha 95 mingta xonadondagi eskirgan “gorelka” energiya tejamkoriga almashtirilgani va isitish tizimi izolyatsiya qilingani hisobiga, yiliga 145 million kubmetr gaz iqtisod bo‘lmoqda. Yana 16 ming ehtiyojmand oilaga mahalliy budjet hisobidan shunday pechlar qo‘yib berish boshlangan. Bu orqali 20 million kubmetr gaz iqtisod qilinib, ehtiyojmand aholi ixtiyorida 12 milliard so‘m qoladi.

Shu tarzda, yurtimizdagi 1 million xonadon isitish tizimini energiya tejamkoriga almashtirish vazifasi qo‘yildi.

  1. TEJALGAN SUV ORQALI BIZ HAYOT KECHIRISHIMIZ KERAK!

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar ichida aholisi eng ko‘p, suv resurslari esa eng kami hisoblanadi. Mavjud suv ehtiyojining 18 foizigina yurtimiz hududida shakllanadi. Qolgan 82 foizga yaqin suv qo‘shni davlatlarda shakllanib, Amudaryo va Sirdaryo orqali yurtimizga kirib keladi.

Global iqlim o‘zgarishi, mamlakatimizda aholi sonining o‘sishi, milliy iqtisodiyot turli tarmoqlarining jadal rivojlanishi va ularning suvga bo‘lgan talabining o‘sishi tufayli respublikada suv resurslarining taqchilligi yildan-yilga ortib bormoqda.

Hozirgi kunda ichimlik suvi muammosi butun jahon miqyosida eng birinchi darajali tashvishlardan bo‘lib turibdi. Bugungi kunda dunyoda 1.100.000.000 kishi yoki jami aholining oltidan bir qismi toza ichimlik suviga muhtoj. Hozirgi paytda jami 470 million kishi suv taqchilligi keskinlashgan mintaqalarda, 2,4 milliard kishi esa suv tozalash qurilmalari va drenaj tizimi orzuligicha qolayotgan o‘lkalarda yashaydi. Yana yigirma yildan keyin suv yetishmaydigan o‘lkalarda yashovchilar soni olti baravarga ko‘payib, uch milliard kishiga yetishi taxmin qilinmoqda. Sifatli ichimlik suvi yetishmasligi oqibatida jahonda yiliga o‘n million kishi kasallanib, nobud bo‘layotir.

Dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida millionlab odamlar toza ichimlik suviga tashna, bir chelak suv uchun janjal-mojarolar bo‘layotgan bir paytda bizlar toza ichimlik suvini jo‘mraklardan oqizib qo‘ymoqdamiz. “Nega bunday?” desangiz, “Sovuqda muzlab qoladi”, deb bahona topamiz. Toza ichimlik suvi bilan ekinlarimizni sug‘oramiz, mashinamizni yuvamiz, hovlilarimizni, ko‘chalarimizni salqinlatish uchun ichimlik suvini sepamiz bu bilan odamlarning qanchalar suv isrof qilayotganini ko‘rganda tejamkorlik degan narsaning batamom unutilganiga yana bir bor iqror bo‘lamiz.

Suvni isrof qilishning har xil ko‘rinishlari bor. Aksariyat kishilar tarvuz-qovun, ichimliklarni salqinlatish uchun ularning ustidan soatlab ichimlik suvini oqizib qo‘yadilar. Buni isrofdan boshqa nima deyish mumkin? Toza ichimlik suvini oqizib, mashinalarini yuvadigan yurtdoshlarimizni har qadamda uchratish mumkin. Axir meva yoki ichimliklarni boshqa yo‘l bilan ham sovutish, mashinani yuvish uchun chelakdan foydalanish, suvni tejab-tergab ishlatish ham mumkin-ku. Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash dunyoviy (global) muammo darajasiga ko‘tarilgan bir pallada qo‘ni-qo‘shni, yoru do‘stlarimizni suvni tejashga chaqirsak, bu dunyoda ko‘plab yutuqlarga erishgan  bo‘lamiz.

Xozirgi kunda O‘zbekiston suvni tejash bo‘yicha dunyoda 13-o‘rinni egallamoqda. Butun dunyoda suv tanqisligi global muammoga aylanmoqda. Bu muammo Markaziy Osiyo mintaqasini ham chetlab o‘tmagan. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050-yilgacha suv resurslari Sirdaryo havzasida 5 foizgacha, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda.

O‘zbekiston suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi, MDH davlatlari orasida ikkinchi, Osiyoda to‘rtinchi va dunyoda 13-o‘rinni egallaydi.

Hammamizga ma’lumki, har qanday boylikni kelajak avlod uchun asrash, saqlash, uning ma’lum katta qismi dahlsizligini ta’minlashga faqat maqsadga muvofiq ravishda foydalanish, tejamkorlik orqali bilan erishish mumkin.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan