NAJOT – TA’LIMDA, TA’LIM – TARBIYADA, NAJOT – BILIMDA

Tarbiya haqida soʻz ketar ekan, buyuk maʼrifatparvar, Turkistonda jadidchilik harakatining yorqin namoyandasi Abdulla Avloniyning: “Tarbiya bizlar uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidur”, degan soʻzlari yodimizga tushadi. Darhaqiqat, tarbiya insonning asl siyratini koʻrsatuvchi shaffof oinadir.

Tarbiyasiz inson ham, kishilik jamiyati ham mavjud boʻla olmaydi. Chunki odam va jamiyatning mavjudligini taʼminlaydigan qadriyatlar faqat tarbiya tufayli bir avloddan boshqasiga oʻta oladi.

Bugungi kunda yurtimizda taʼlim va tarbiyaning uzviyligiga yuqori darajada eʼtibor qaratilmoqda. Ertamiz egalari boʻlgan dilbandlarimizning taʼlimu tarbiyasiga eʼtibor davlat siyosatining asosiy maqsad va yoʻnalishlaridan biridir. Buni Prezidentimizning 2023-yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deya nom berganining oʻziyoq isbotlab turibdi.

 

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, mamlakatimizda soʻnggi yillarda taʼlim tizimini rivojlantirish, bu orqali islohotlarni samarali amalga oshirishga tayanch boʻla oladigan kadrlarni tayyorlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada songgi yillarda bajarilgan ishlar, erishilgan natijalar talaygina desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

OTMlarga moliyaviy hamda akademik mustaqillik berilishi, sohada xotin-qizlar taʼlimiga eʼtibor, raqamlashtirish hamda ilm-fan va ishlab chiqarishning yangi bosqichga koʻtarilishi har bir oliy taʼlim muassasasida oʻziga xos maktab yaratish imkonini berdi.

Xalqaro kongress markazida tashkil etilgan taʼlim sifatini oshirish va yangi avlod darsliklarini joriy etishga bagʻishlangan tadbirda shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ishtiroki hamda ustoz va murabbiylar bilan norasmiy muhitda olib borgan muloqoti yuqoridagi fikrimizning yorqin isbotidir.

Eʼtirof etish kerakki, bugungi jamiyatda oʻqituvchi va murabbiylar maqomi qaytadan yuksaldi. Ularga sifatli taʼlim-tarbiya jarayonlarini tashkil etishlari uchun zarur shart-sharoit yaratilib, ijtimoiy-huquqiy, moddiy qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrilmoqda. Oʻqituvchilarga ustamalar toʻlash hamda ragʻbatlantirish mezonlari kengaytirildi, ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashish, boshqa mehnatga jalb qilish javobgarlikka tortilishi qonuniy asosda belgilab qoʻyildi. Zero, davlatimiz rahbarining: “…Muallimning obroʻ-eʼtibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obroʻ-eʼtiboridir”, degan soʻzlari hayotda oʻz aksini koʻrsatdi.

 

Taʼlim-tarbiya jarayonlariga davlat taqdirini hal etuvchi omil sifatida yondashish, oʻqituvchiyu murabbiylar Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda katta kuch, tayanch

va suyanch sifatida koʻrilishi juda quvonarli hol. Yangi jamiyatda taʼlim-tarbiya jarayonlariga berilayotgan eʼtibor, undan kutilayotgan istiqbolli natijalar koʻlami bizni ushbu sohaning bir vakili sifatida quvontirishi bilan birga zimmamizga ulkan masʼuliyat ham yuklaydi.

 

Har qanday jamiyatda yoshlarning taʼlim-tarbiyasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etar ekan, ularni bu borada yetuklikka yetaklash biz pedagoglarning asosiy va muhim vazifamiz boʻlib qolaveradi. Shunday ekan, har birimiz Vatan hamda millat ravnaqi uchun oʻz vazifamizni sidqidildan, yuksak masʼuliyat bilan ado etmogʻimiz darkor. Zero, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda” gʻoyasining mazmuni ham aynan shunga qaratilgan.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan